
O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi Samarqand sammitiga tayyorgarlik masalalarini muhokama qildi
Bryusselda O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari, Prezidentning tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maxsus vakili Abdulaziz Komilov va Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili devonxonasining rahbari Vivian Lunela o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tomonlar O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi hamkorlikning joriy holati va istiqbollari, shuningdek, Markaziy Osiyo hamda YEI o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning rivojlanishi bo‘yicha fikr almashdi.
Vivian Lunela Yevropa diplomatiyasi rahbari Kaya Kallas nomidan O‘zbekistonning “Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi” formatidagi birinchi sammitni o‘tkazish tashabbusi uchun minnatdorlik bildirdi. Ushbu yirik tadbir 3-4 aprel kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.
Qayd etilishicha, Yevropa Ittifoqi rahbariyati va tashkilotga a’zo 27 davlat sammit o‘tkazilishini bir ovozdan qo‘llab-quvvatlamoqda. Tadbir siyosat, savdo, iqtisodiyot, madaniyat va gumanitar sohalarda siyosiy muloqot va o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda.