
Yevropa mamlakatlari Ozarbayjonni tanqid qildi
O‘tgan hafta Ozarbayjon bir qator Yevropa davlatlari tomonidan keskin tanqidga uchradi. Tanqidlar COP29 iqlim anjumanidan so‘ng boshlandi. Unda Ozarbayjon hukumati Fransiya va Niderlandiyaning dengiz orti hududlarida “neomustamlakachilik” muammolari masalasini ko‘targandi.
Fransiya Tashqi ishlar vazirligi Ozarbayjon elchisini chaqirib, rasmiy Bokuning bayonotlarini “qabul qilib bo‘lmaydigan” deb baholadi. Shu ortidan Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok Ozarbayjondagi inson huquqlari ahvolidan tashvishlanganini bildirdi. U faollar va muxolifat vakillari qamoqqa olinayotganini ta’kidlab, buni xavotirli holat deb atadi.
26-noyabr kuni Ukraina ham tanqidchilar safiga qo‘shildi. Freedom telekanalida yaqinda Bokuda o‘tkazilgan iqlim forumining muvaffaqiyatli o‘tgani shubha ostiga olingan reportaj efirga uzatildi. Lavhada neft sanoati bilan tanilgan mamlakatda nima uchun ekologik sammit o‘tkazilayotgani so‘raldi va tadbirda xalqaro vakillikning sustligi ta’kidlab o‘tildi.