O‘zbekiston Prezidenti Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300 yilligiga bag‘ishlangan medal bilan taqdirlandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ashxobod shahrida turkman shoiri va mutafakkiri Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan “Zamonlar va sivilizatsiyalar uyg‘unligi — tinchlik va taraqqiyot asosi” mavzusidagi xalqaro forumda ishtirok etdi.
Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov raisligida o‘tgan tadbirda Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Eron, Pokiston, Mo‘g‘uliston, Armaniston rahbarlari, shuningdek, parlamentlar spikerlari va xorijiy davlatlarning yuqori martabali vakillari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.
Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida forumning o‘tkazilishi qardoshlik rishtalarini mustahkamlash va xalqlarni yaqinlashtirish, shuningdek, umumiy boy ma’naviy merosimizni dunyoga keng targ‘ib etish yo‘lidagi muhim qadam ekanini ta’kidladi.
Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni turkman shoiri va mutafakkiri tavalludining 300 yilligi munosabati bilan medal bilan taqdirlashga qaror qilinganini ma’lum qildi.