
Tojikiston Markaziy Osiyoda Xitoyga eng qaram mamlakat sifatida e’tirof etildi.
Xitoyning mintaqadagi asosiy manfaatlari “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasida transport yo‘laklarini yaratish va tabiiy boyliklardan foydalanishni ta’minlashdan iborat. Bunday xulosalar Rossiyaning Tahliliy kredit reyting agentligi (AKRA) tomonidan tayyorlangan “Sharq va G‘arb o‘rtasida” nomli tadqiqotda keltirilgan.
O‘z maqsadlariga erishish uchun Xitoy mintaqa mamlakatlariga imtiyozli tashqi moliyalashtirish taqdim etmoqda. Tojikiston Moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy Eksport-import banki respublikaga 5 yildan 9 yilgacha imtiyozli davr bilan yillik 2-2,5% stavkada va 25 yilgacha qaytarish muddatida 18 ta kredit ajratgan.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, “Bir makon — bir yo‘l” tashabbusi Xitoyga tashqi savdo aloqalarini kengaytirish va G‘arb bozorlariga yanada chuqurroq kirib borish imkonini bermoqda. Markaziy Osiyo Sharq va G‘arb o‘rtasidagi an’anaviy transport yo‘lagi sifatida ushbu tashabbusni amalga oshirishda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Hozirda Qozog‘iston bilan chegarada bojxona punktlari kengaytirildi, Qirg‘iziston va Tojikistonda esa yangi yo‘llar qurilmoqda.
Xitoyning jadal rivojlanayotgan iqtisodiyoti Markaziy Osiyo mamlakatlari boy bo‘lgan neft, gaz, ruda, uran, mis va oltin kabi katta hajmdagi resurslarni talab qilmoqda. Biroq, Xitoy iqtisodiyoti o‘sishining sekinlashishi va ichki xatarlarning ko‘payishi o‘rta muddatli istiqbolda ushbu resurslarga bo‘lgan talabning barqarorligini pasaytirishi mumkin.
AKRA, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlarining Xitoyga moliyaviy qaram bo‘lishi ortib borayotganini ta’kidlamoqda. Qozog‘iston va O‘zbekiston uchun bu qaramlik nisbatan mo‘tadil darajada qolmoqda, biroq Tojikiston allaqachon Xitoy oldidagi qarzini to‘lashda qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Xususan, 2019 yilda mamlakat davlat qarzini qoplash evaziga ikkita oltin konini o‘zlashtirish huquqini Xitoy kompaniyasiga topshirgan.
Bundan tashqari, Xitoyning Markaziy Osiyo mintaqalari bilan hamkorlik darajasi ham kuchayib bormoqda. 2013-yildan buyon “Xitoy — Markaziy Osiyo” hamkorlik forumlari muntazam o‘tkazib kelinmoqda. Ilgari bu forumlarda biznes vakillari va amaldorlar ishtirok etgan bo‘lsa, 2023-yilda tadbir ilk bor davlat rahbarlari darajasida o‘tkazildi. Ushbu forum davomida XXR raisi Si Szinpin mintaqa mamlakatlariga ichki xavfsizlik va milliy mudofaa masalalarida yordam taklif etdi.
Tahlilchilarning fikricha, hamkorlikni kengaytirish va Markaziy Osiyo mamlakatlarining iqtisodiy samaradorligini oshirish uchun Xitoy bilan qo‘shma korxonalar tashkil etish, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish, shuningdek, qo‘shma ilmiy loyihalar va texnologiyalar almashinuvini rivojlantirish maqsadga muvofiq bo‘ladi.