Toshkentda Rossotrudnichestvo yoshlar dasturlarining yakuniy uchrashuvi
21 декабрь

Toshkentda Rossotrudnichestvo yoshlar dasturlarining yakuniy uchrashuvi

19-dekabr kuni Toshkentdagi Rus uyida Rossotrudnichestvo yoshlar dasturlari ishtirokchilarining yakuniy uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda “Yangi avlod”, “Salom, Rossiya!”, “Interyangiliklar” xalqaro media maktabi va vakolatxona huzuridagi Yoshlar kengashi kabi loyihalar vakillari ishtirok etdilar.

Rossotrudnichestvoninng O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Irina Staroselskaya ishtirokchilarga tabrik so‘zi bilan murojaat qilib, mamlakatlar o‘rtasidagi madaniy va ta’lim almashinuvining ahamiyatini ta’kidladi. Uning aytishicha, bunday tashabbuslar yosh avlodning dunyoqarashini kengaytirish, do‘stona aloqalar o‘rnatish va o‘zaro tushunishni mustahkamlashga yordam beradi.

Uchrashuvda ishtirokchilar Rossiya bo‘ylab sayohatlari haqidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashib, o‘z taqdimotlarini namoyish etdilar. Yoshlar mamlakatning turli hududlariga tashrif buyurib, o‘zlari uchun yangi bo‘lgan narsalar haqida so‘zlab berdilar va ta’lim hamda madaniy dasturlarga yuqori baho berdilar. Ishtirokchilarning ta’kidlashicha, ushbu loyihalar ularning shaxsiy va kasbiy rivojlanishi uchun muhim ahamiyat kasb etdi.

Rus uyi barcha ishtirokchilarga loyihalarga faol ishtiroki va dasturdan keyingi ishlari uchun minnatdorchilik bildirdi. Yoshlar esa o‘z navbatida Rossiya, uning madaniyati va tarixi bilan tanishish imkoniyati, shuningdek, olgan bilim va tajribalari uchun tashkilotchilarga minnatdorchilik izhor etdilar.

Tadbir 50 dan ortiq kishini jamlab, samimiy va do‘stona muhitda o‘tdi hamda tajriba almashish va xalqaro aloqalarni mustahkamlash uchun maydon vazifasini o‘tadi.

Ma’lumot uchun: 2024-yilda Rossotrudnichestvoninng yoshlar dasturlarida O‘zbekistondan 120 dan ortiq kishi ishtirok etdi. Ular Rossiyaning 10 dan ortiq hududiga tashrif buyurib, uning madaniy va ta’lim salohiyati bilan tanishdilar hamda boshqa mamlakatlardan kelgan hamkasblari bilan muhim aloqalar o‘rnatdilar.