
Yangi antibiotik: bakteriyalar chidamliligini yengishga qadam
Chikago universiteti olimlari bakteriyalarda chidamlilik rivojlanish ehtimolini sezilarli darajada kamaytira oladigan MCX-128 nomli innovatsion antibiotikni ishlab chiqdilar. Ushbu dori vosita ikki sinf antibiotiklar — makrolidlar va xinolonlarning xususiyatlarini o‘zida mujassam etgan. Makrolidlar bakteriya ribosomalariga bog‘lanib, oqsil sintezini to‘xtatsa, xinolonlar esa DNK ko‘payishini bloklaydi.
Ikki tomonlama ta’sir mexanizmi tufayli MCX-128 hujayradagi ikkala nishonga bir vaqtning o‘zida ta’sir ko‘rsatib, yuqori darajada chidamli bakteriyalarga qarshi ham samarali bo‘ladi. Tadqiqot mualliflaridan biri Aleksandr Mankin shunday deydi: “Agar antibiotik birdaniga ikkita muhim nishonga ta’sir qilsa, bakteriyalar mutatsiyalar orqali moslashish imkoniyatini deyarli yo‘qotadi”.
O‘tkazilgan sinovlar shuni ko‘rsatdiki, MCX-128 ga nisbatan chidamlilik rivojlanish ehtimoli an’anaviy dorilarga qaraganda million marta kamroq. Ushbu kashfiyot butun dunyo bo‘ylab sog‘liqni saqlash tizimi uchun asosiy tahdidlardan biri bo‘lib qolayotgan antibiotiklarga chidamlilikka qarshi kurashda muhim qadam bo‘lishi mumkin. Yangi dori vosita, shuningdek, “superbakteriyalar” deb ataladigan infeksiyalarni davolash yondashuvini o‘zgartirish imkoniyatiga ham ega.