
O‘zbekiston va Qozog‘iston 7 milliard dollarlik shartnomalar imzoladi
O‘zbekiston va Qozog‘iston Bosh vazirlari Abdulla Aripov va Oljas Bektenov Samarqand shahrida o‘tkazilayotgan “O‘zbekiston — Qozog‘iston” IV Mintaqalararo forumida ishtirok etdilar.
“Qozog‘iston va O‘zbekiston barcha yo‘nalishlarda hamkorlik qilish uchun keng imkoniyatlarga ega. Bunga, avvalo, davlat rahbarlari Qosim-Jo‘mart Kemelevich To‘qayev va Shavkat Miromonovich Mirziyoyev o‘rtasidagi ishonchli siyosiy muloqot asos bo‘lmoqda. Astona shahridagi biznes-forum doirasida imzolangan 7 milliard dollarlik investitsiya kelishuvlari va tijorat shartnomalari sezilarli hissa qo‘shadi. Ishonchim komilki, bugungi uchrashuv yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirishning boshlanishi bo‘lib xizmat qiladi va butun Markaziy Osiyo mintaqasining barqaror iqtisodiy rivojlanishini ta’minlashga ulkan hissa qo‘shadi,” — deb ta’kidladi Oljas Bektenov.
Ikki mamlakat prezidentlari tomonidan ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmini oshirish bo‘yicha erishilgan kelishuvlarning bajarilishi ko‘rib chiqildi. Sanoat kooperatsiyasi, suv, energetika va tranzit-transport sohalaridagi, shuningdek gaz tarmog‘idagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston Qozog‘istonning Markaziy Osiyo mintaqasidagi asosiy savdo hamkori hisoblanadi. Joriy yilning sakkiz oyi yakunlariga ko‘ra, o‘zaro savdo hajmi 2,5 milliard dollarni tashkil etdi. Oljas Bektenov savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish va o‘zaro investitsiyalar uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan chora-tadbirlarni kengaytirish zarurligini ta’kidladi.
Neft-kimyo, metallurgiya, avtomobilsozlik, sanoat, oziq-ovqat, kimyo va farmatsevtika tarmoqlarida katta eksport salohiyati mavjud. Qozog‘iston O‘zbekistonga 40 turdagi yuqori qo‘shimcha qiymatli Qozog‘iston mahsulotlari bo‘yicha 550 million dollardan ortiq eksportni oshirishga tayyor.