
Iqtisodiyot vazirligi 1-martdan maoshlar oshirilishi haqidagi yolg‘on xabarni inkor etdi
O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda 1-martdan ish haqi, pensiya va nafaqalar oshirilishi rejalashtirilayotgani haqida tarqalgan xabarlarga munosabat bildirdi. Vazirlik bu ma’lumot haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qildi.
“2025-yil 1-martdan va 2025-yil 1-avgustdan ish haqi, pensiya va nafaqalar miqdori 10 foizga oshirilishi haqidagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi,” deya ta’kidlandi vazirlikning rasmiy bayonotida.
Iqtisodiyot vazirligi ish haqi va pensiyalar to‘g‘risidagi ishonchli ma’lumotlar faqat davlat organlarining rasmiy manbalarida e’lon qilinishini alohida ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda ijtimoiy to‘lovlar va ish haqi oxirgi marta 2024-yilning kuzida oshirilgan edi. 2024-yil 1-sentyabrdan boshlab pensiya va nafaqalar 15 foizga oshirilib, pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori 428 000 so‘mni, yoshga doir eng kam pensiya miqdori esa 834 000 so‘mni tashkil etgan edi. Shuningdek, 2024-yil 1-oktyabrdan boshlab byudjet sohasidagi tibbiyot va pedagog xodimlarining ish haqi 15 foizga, qolgan byudjet xodimlarining ish haqi esa 10 foizga oshirilgandi. Bugungi kunda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori 1 155 000 so‘mni, bazaviy hisoblash miqdori (BHM) esa 375 000 so‘mni tashkil etmoqda.