
Qirg‘iziston hukumati mehnat muhojirlarini vataniga qaytarish uchun sharoit yaratishga harakat qilmoqda
Qirg‘iziston hukumati mehnat muhojirlarini vatanga jalb etish maqsadida kichik biznesni moliyalashtirish bo‘yicha davlat dasturini ishlab chiqmoqda. Bu haqda Mehnat, ijtimoiy ta’minot va migratsiya vazirligi o‘rinbosari Baqit Darmonqul o‘g‘li matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Amaldorning tushuntirishicha, dasturning mohiyati shundaki, mehnat muhojirlari Qirg‘izistonda biznes ochish va rivojlantirish uchun ma’lum miqdordagi mablag‘larni kiritib, investor sifatida faoliyat yuritadi. Bunda davlat qo‘shma moliyalashtirishni ta’minlaydi: muhojir tomonidan kiritilgan har bir so‘mga davlat ham xuddi shuncha miqdorda mablag‘ ajratadi.
Darmonqul o‘g‘li qo‘shimcha qilishicha, dastur mablag‘i va biznes g‘oyalari mavjud bo‘lganlarga tatbiq etiladi. Uning aytishicha, hozirda sinov tariqasida 21 ta grant berilgan. Ulardan 19 tasi muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.
Dasturning to‘liq ishga tushirilishi 2025-yilda kutilmoqda.