
Volkswagen zavodlarida ish tashlash: qariyb 70 ming xodim ishlab chiqarishni to‘xtatdi
Germaniyada Volkswagen’ning 70 mingga yaqin xodimi mamlakatning eng yirik kasaba uyushmasi IG Metall tashkil etgan ikkinchi ogohlantiruvchi ish tashlashida qatnashdi. Ish tashlash avtokonsernning to‘qqizta zavodida o‘tkazildi, bu zavodlarda har smenada 4 soatlik ish to‘xtatildi.
Norozilik aksiyasi Volkswagenning tejamkorlik doirasida ishlab chiqarishni qisqartirish va kamida uchta zavodni yopish rejalariga qarshi yo‘naltirilgan. Ommaviy axborot vositalari xabar berishicha, ommaviy ishdan bo‘shatishlar 2025-yil 1-iyuldan boshlanishi mumkin va buning natijasida konsern 30 minggacha ish o‘rnini qisqartirishi mumkin.
Namoyishlar Volkswagen boshqaruvi va kasaba uyushmasi vakillari o‘rtasidagi muzokaralarning to‘rtinchi bosqichiga to‘g‘ri keldi. Biroq, IG Metall ta’kidlaganidek, tomonlarning pozitsiyalari hamon bir-biridan uzoqligicha qolmoqda.
Konsern xodimlari ish o‘rinlari va ijtimoiy barqarorlikni saqlab qolish muhimligini ta’kidlab, rahbariyatdan ishlab chiqarishni qisqartirish bo‘yicha rejalarni qayta ko‘rib chiqishni talab qilmoqda. Shu bilan birga, Volkswagen rahbariyati jahon avtomobil bozoridagi o‘zgarishlar sharoitida raqobatbardoshlikni saqlab qolish uchun qat’iy choralar ko‘rish zarurligini ko‘rsatmoqda.