Milanda ko‘chada chekish taqiqlandi
Milanda ochiq havoda chekishni taqiqlovchi dunyodagi eng qat’iy qoidalardan biri kuchga kirdi. Bundan buyon ko‘chalarda, yo‘llarda, shuningdek, ochiq maydonchali restoran va kafelarda tamaki mahsulotlarini chekish man etildi.
Faqatgina boshqa odamlardan kamida 10 metr uzoqlikda joylashgan alohida hududlarda chekishga ruxsat berilgan. Elektron sigaretalardan foydalanish hozircha ruxsat etilgan.
Taqiqni buzganlik uchun chekuvchilar 40 yevrodan 240 yevrogacha miqdorda jarima to‘lashi lozim. Shahar hokimiyati ushbu chora-tadbirlar ekologik vaziyatni yaxshilashi va fuqarolar salomatligini himoya qilishiga umid bildirmoqda.