O‘zbekiston Oyni o‘rganish bo‘yicha shartnomaga qo‘shildi
14 октябрь

O‘zbekiston Oyni o‘rganish bo‘yicha shartnomaga qo‘shildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Koinot, jumladan Oy va boshqa osmon jismlarini tadqiq etish hamda ulardan foydalanish bo‘yicha davlatlar faoliyati tamoyillari to‘g‘risidagi shartnomani ratifikatsiya qilish haqidagi qonunni imzoladi.

Mazkur qonun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, O‘zbekiston Respublikasi Senati tomonidan ma’qullandi.

Shartnomada ta’kidlanishicha, koinot, shu jumladan Oy va boshqa osmon jismlari barcha davlatlar tomonidan o‘rganilishi va foydalanilishi uchun ochiq, shuningdek, ilmiy tadqiqotlar uchun erkindir.

Oy va boshqa osmon jismlari milliy mulkka aylantirilmaydi hamda egallab olinishi mumkin emas. Bundan tashqari, Shartnomaga a’zo davlatlar Yer atrofidagi orbitaga yadro qurollari yoki ommaviy qirg‘in qurolining boshqa turlarini joylashtirmaslik majburiyatini oladi.

Oy va boshqa osmon jismlari barcha davlatlar tomonidan faqat tinchlik maqsadlarida foydalaniladi. Osmon jismlarida harbiy bazalar, inshootlar va mudofaa istehkomlarini qurish, har qanday turdagi qurollarni sinash va harbiy mashqlar o‘tkazish taqiqlanadi.