
Turkmaniston 4000 MVt elektr energiyasini eksport qilishga tayyor
Turkmaniston 4000 megavattdan ortiq elektr energiyasini eksport qilish imkoniyatiga ega ekanligini ma’lum qildi. Bu haqda mamlakat energetika vaziri Annageldi Saparov “Turkmaniston qurilishi, sanoati va energetikasi” (CIET 2024) xalqaro anjumanida xabar berdi.
Vazirning ta’kidlashicha, Turkmaniston ushbu ulkan loyihani amalga oshirish uchun o‘z energetika infratuzilmasini jadal rivojlantirmoqda. Mamlakatda yangi elektr stansiyalari, yuqori kuchlanishli liniyalar va podstansiyalar qurilgan, shuningdek, energetika uskunalarini ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatish markazi tashkil etilgan. Mamlakatdagi birinchi quyosh-shamol elektr stansiyasining ishga tushirilishi energetika sohasini rivojlantirishda muhim bosqich bo‘ladi.
Hozirgi kunda Turkmanistonda 11 ta elektr stansiyasi faoliyat yuritmoqda. Yaqinda ikkita yangi stansiya: 220 kV quvvatga ega “Etrek” va 110 kV quvvatga ega “Bog‘ir” stansiyalari ishga tushirildi. Mamlakatdagi barcha elektr stansiyalarining umumiy quvvati nafaqat ichki ehtiyojni to‘liq qondiradi (taxminan 3000 MVt), balki katta hajmdagi elektr energiyasini eksport qilish imkonini ham beradi.
Turkmanistonning yaqin kelajakdagi rejalariga Kiyanli qishlog‘ida 1600 MVt quvvatga ega kombinatsiyalangan siklli elektr stansiyasini qurish kiradi. Bu stansiya Kavkaz davlatlari, Turkiya va Yevropaga Kaspiy dengizi orqali elektr energiyasini eksport qilish imkoniyatini ta’minlaydi.