O‘zbekistonda kelishilgan o‘yinlar uchun jinoiy javobgarlik joriy qilindi
7 ноябрь

O‘zbekistonda kelishilgan o‘yinlar uchun jinoiy javobgarlik joriy qilindi

4-noyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev sportda korrupsiyani oldini olish maqsadida Jinoyat kodeksiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi.

Jinoyat kodeksi “Sport musobaqalari ishtirokchilari va tashkilotchilari tomonidan noqonuniy moddiy boylik yoki mulkiy manfaat olish” va “Sport musobaqalari ishtirokchilari va tashkilotchilarini pora evaziga sotib olish” kabi moddalarga to‘ldirildi.

Sportchi, murabbiy, hakam yoki boshqa ishtirokchilar va tashkilotchilar tomonidan musobaqa natijalari yoki jarayonini o‘zgartirish maqsadida noqonuniy moddiy boylik yoki manfaat olish 50 dan (18 750 000 so‘m) 100 BHMgacha (37 500 000 so‘m) jarima, uch yilgacha muayyan huquqlardan mahrum qilish, bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Ushbu harakatlarni qayta takrorlaganlar, katta yoki juda katta miqdorda, tovlamachilik yo‘li bilan, oldindan til biriktirish yoki uyushgan guruh tomonidan sodir etganlar uchun esa yanada katta miqdordagi jarima yoki uch yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.