
Shaxs shakllanishida O‘zbekiston ayolining o‘rni
Toshkentda “O‘zbekiston ayolining shaxs shakllanishidagi o‘rni” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. Unda xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi ishtiroki, gender tengligi masalalari, shuningdek, ularning ilm-fan, iqtisodiyot va madaniyatga qo‘shgan hissasi muhokama etildi.
Tadbir "Karavan Info‘ning O‘zbekistondagi tahririyati direktori Yuriy Belolipetskiyning kirish so‘zi bilan boshlandi. U "Karavan Info"ning amaldagi jamoasini tanishtirdi va tanlangan mavzuning dolzarbligini ta’kidladi. SHHTning O‘zbekistondagi markazi mutaxassisi Meyerbek Ergashbayev xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlik inson asosiy huquqlarini buzuvchi global muammo bo‘lib qolayotganiga e’tibor qaratdi. U vaziyatni yaxshilashga qaratilgan tashabbuslarni, jumladan, ta’lim kampaniyalarini, inson huquqlari tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash va “SHHTning 50 nafar muvaffaqiyatli ayoli” kabi loyihalarni alohida ta’kidladi.
Mavzuni davom ettirib, onkolog Yahyo Ziyayev O‘zbekistonda ayollarning o‘rni, ularning ilm-fan, iqtisodiyot va tibbiyotdagi ishtiroki haqida so‘zladi hamda ayol millat kelajagini shakllantirishini ta’kidladi. Notiq zamonaviy tibbiyotda palliativ yordamni rivojlantirishdagi roli bilan tanilgan Sisli Sondersning misoliga alohida e’tibor qaratdi.
O‘zbekiston “Karavan Info” bosh muharriri Gayane Shamsutdinova o‘z nutqida gender tenglikka erishish bo‘yicha ishlarning muhimligini ta’kidladi. U O‘zbekistonda xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish, ularni siyosat va ijtimoiy hayotga jalb etish bo‘yicha faol harakatlar olib borilayotganini aytdi. Xususan, ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi xalqaro konvensiyalar ratifikatsiya qilingani, tadbirkor ayollarga imtiyozli kredit berish kabi dasturlar ishlab chiqilganini qayd etdi.
Bundan tashqari, “What I.F” marketing kommunikatsiyalari agentligi operatsion direktori Anastasiya Trusova ayollar bir-birini ilhomlantirishi va biznes rivojiga salmoqli hissa qo‘shishini ta’kidladi. Uning fikricha, muvaffaqiyatli ayol nafaqat kasbiy sohada yetakchi, balki mamlakat kelajagi haqida o‘ylaydigan va farzandlarining rivojlanishi uchun sharoit yaratuvchi ona hamdir.
Ayniqsa, “Miss Universe” tanlovida O‘zbekiston nomidan ishtirok etgan o‘zbek modeli Nigina Faxriddinovaning chiqishi e’tiborni tortdi. U qiyinchiliklarni yengib o‘tish tajribasi bilan o‘rtoqlashdi va ruhiy qo‘llab-quvvatlash hamda o‘zlikni anglashning muhimligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayol uchun nafaqat tashqi, balki ichki rivojlanish ham muhimdir. U mamlakatni o‘zgartirayotgan insonlarning yutuqlarini yanada faolroq yoritishga, shuningdek, ayollar va erkaklar o‘rtasida ta’lim darajasini oshirishga chaqirdi.
“Karavan Info” Rossiya bosh muharriri Damilya Tasmagambetova ayollarning ijtimoiy integratsiyasi uchun xalqaro hamkorlikning ahamiyatiga e’tibor qaratib, gender tenglikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qo‘shma loyihalarni faolroq rivojlantirishni taklif etdi.
Davra suhbati ishtirokchilari O‘zbekistonda ayollar avlodlarni tarbiyalash va millat kelajagini shakllantirishda asosiy o‘rin tutishda davom etayotgani haqida yakdil fikr bildirdilar. Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni hayotning turli sohalariga jalb etish, shuningdek, kamsitish va zo‘ravonlikka qarshi kurashish jamiyatning muvaffaqiyatli va uyg‘un rivojlanishiga asos yaratadi.