Xitoylik olimlar ekran qarshisida uzoq vaqt o‘tirish miya kasalliklari xavfini oshirishi mumkinligini aniqlashdi
Televizor yoki kompyuterdan haddan tashqari foydalanish miya salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Xitoylik olimlarning 12 yil davomida 37-73 yoshli 400 ming kishini o‘rgangan tadqiqoti shuni ko‘rsatdiki, kuniga besh soat va undan ortiq vaqtini ekran qarshisida o‘tkazadigan odamlarda neyrodegenerativ kasalliklar xavfi sezilarli darajada yuqori bo‘lgan.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, bunday odamlarda ekranga kamroq vaqt ajratganlarga nisbatan demensiya rivojlanish ehtimoli 1,44 barobar, Parkinson kasalligi 1,28 barobar va insult xavfi 1,12 barobar yuqori bo‘lgan. Bundan tashqari, ishtirokchilarda kulrang modda va gippokamp — miyaning xotira, diqqat va tafakkur uchun javobgar bo‘lgan qismlari hajmining kichrayishi kuzatilgan. Olimlar bu jarayonni “miyaning qurishi” deb nomlashgan.
Yangi yil kabi bayram kunlarida ham ekran oldida o‘tkazilayotgan vaqtni nazorat qilish va faol dam olish turlariga afzallik berish muhimdir.