Prezident Toshkent viloyatidagi suv tozalash korxonasi faoliyati bilan tanishdi
15 октябрь

Prezident Toshkent viloyatidagi suv tozalash korxonasi faoliyati bilan tanishdi

Shavkat Mirziyoyev aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlashga qaratilgan muhim ijtimoiy loyihalarga salmoqli hissa qo‘shayotgan Yangiyo‘l tumanidagi “Mesal Water Technologies” (MWT) korxonasini ziyorat qildi.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan dasturlar doirasida suv ta’minoti va oqava suv tizimlarini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu, ayniqsa, jadal rivojlanayotgan Toshkent viloyati shaharlari uchun dolzarb masaladir.

Korxonada Chirchiq, Olmaliq, Angren va Bekobod shaharlari uchun zarur bo‘lgan suv tozalash inshootlariga mo‘ljallangan 30 dan ortiq turdagi uskunalar ishlab chiqarilmoqda. Mazkur shaharlar Toshkent viloyatida ichimlik suvi ta’minoti va oqava suv tizimlarini qayta qurish loyihasining uchinchi bosqichiga kiritilgan.

MWTga 1,7 million dollar miqdorida investitsiya kiritilgan bo‘lib, Xitoy, Germaniya va Turkiyadan keltirilgan energiya tejamkor texnologiyalar joriy etilgan. 50 nafar xodim ishlaydigan korxona xalqaro sifat standartlari bo‘yicha sertifikatlangan. Bunday korxonalarni kengaytirish nafaqat infratuzilmani rivojlantirishga, balki aholining turmush sharoiti va salomatligini yaxshilashga ham xizmat qilishi ta’kidlandi.

Bogdan Burikin, atayin “Karavan-Info” uchun