O‘zbekistonning yettita oliy ta’lim muassasasi QS Sustainability Rankings 2025 reytingiga kirdi
13 декабрь

O‘zbekistonning yettita oliy ta’lim muassasasi QS Sustainability Rankings 2025 reytingiga kirdi

Oliy ta’lim sohasidagi xalqaro tahlil agentligi QS Quacquarelli Symonds 2025-yilga mo‘ljallangan Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo‘yicha dunyoning eng yaxshi universitetlari reytingini e’lon qildi. Ro‘yxatga ikki mingga yaqin universitet kiritilgan bo‘lib, ular orasida O‘zbekistonning yettita oliy ta’lim muassasasi ham bor.

Ular orasida eng yuqori o‘rinni Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti (828-o‘rin) egalladi. Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti 931-940 oralig‘idagi o‘rinni band etdi. Keyingi o‘rinlarda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti (1161-1180), Toshkent davlat texnika universiteti (1251-1300), Toshkent davlat temir yo‘l transporti universiteti (1401-1450), shuningdek, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va Urganch davlat universiteti 1501+ toifasida joy oldi.

O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari, ayniqsa, “Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida barqaror rivojlanish” ko‘rsatkichi bo‘yicha muvaffaqiyatli natija ko‘rsatdi. Ushbu mezon bo‘yicha to‘rtta universitet eng yaxshi 500 talikka kirgan bo‘lsa, ulardan ikkitasi — O‘zbekiston Milliy universiteti (279-o‘rin) va Toshkent davlat temir yo‘l transporti universiteti (295-o‘rin) eng yaxshi 300 talikka kirish sharafiga muyassar bo‘ldi.

Axloqiy me’yorlarga rioya qilish va qarorlar qabul qilishning shaffofligini o‘z ichiga olgan “Boshqaruv modeli” ko‘rsatkichi bo‘yicha O‘zbekistonning beshta oliy ta’lim muassasasi ham eng yaxshi 500 talikka kirishga erishdi. Ushbu toifada eng yuqori natijani Toshkent davlat temir yo‘l transporti universiteti ko‘rsatib, 400-o‘rinni egalladi.

Bogdan Burikin, atayin “Karavan-Info” uchun