O‘zbekiston 2035-yilgacha bo‘lgan milliy kosmik dasturni ishlab chiqmoqda
17 январь

O‘zbekiston 2035-yilgacha bo‘lgan milliy kosmik dasturni ishlab chiqmoqda

“O‘zbekkosmos” agentligi 2035-yilgacha bo‘lgan davrni qamrab oladigan milliy kosmik dasturni ishlab chiqishga kirishdi. Hujjatning asosiy maqsadi kosmik sanoatni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini, shu jumladan qisqa, o‘rta va uzoq muddatli rejalarni belgilashdan iborat bo‘ladi.

16-yanvar kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida Aerokosmik faoliyat va kosmik monitoring tizimlarini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Muhiddin Ibragimov dasturni tayyorlash uchun agentlik 4-5 ta maslahat kompaniyasini, jumladan, dunyo yetakchilari — SpaceX va Surrey Satellite Technology Ltd (SSTL) ni jalb etganini ma’lum qildi. Loyiha bo‘yicha ishlar 2025-yil o‘rtalarida yakunlanishi kutilmoqda.

Strategiyada Yerni masofadan zondlash (YMZ) va sun’iy yo‘ldosh navigatsiyasi uchun sun’iy yo‘ldoshlar va yer usti infratuzilmasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratiladi. Ibragimovning ta’kidlashicha, dasturning muhim qismi sifatida ta’lim sohasiga katta miqdordagi mablag‘lar yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.

O‘zbekiston, shuningdek, xalqaro kompaniyalar bilan Yerni kuzatish uchun sun’iy yo‘ldosh guruhlarini joylashtirish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Shu bilan birga, aloqa masalalarini tartibga solish Raqamli texnologiyalar vazirligi ixtiyorida qolmoqda. Ibragimov byurokratik tartib-qoidalar vaqt talab qilishini ta’kidlab, barcha vazifalar muvaffaqiyatli hal etilishiga ishonch bildirdi.