O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vaziri Turkiya elchisi bilan uchrashdi
O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Turkiya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Olgan Bekar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Suhbat davomida Shermatov vazirlik faoliyati haqida so‘zlab, axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirish mamlakat iqtisodiyotida hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi. Vazir IT sohasida eksportni kengaytirish va yoshlar uchun yuqori maoshli ish o‘rinlari yaratish zarurligini alohida qayd etdi. Shuningdek, IT-park rezidentlari foydalanishi mumkin bo‘lgan imtiyozlar haqida ma’lumot berdi hamda soha mutaxassislari uchun xorijiy tillarni, jumladan turk va ingliz tillarini bilish muhimligiga e’tibor qaratdi.
Bekar esa o‘z navbatida Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasida axborot texnologiyalari sohasidagi hamkorlikning istiqbolli ekanligini ta’kidladi. U turk kompaniyalari bilan qo‘shma loyihalar doirasida hamkorlik qilishga tayyorligini bildirib, ikki mamlakatning bu boradagi salohiyatini alohida e’tirof etdi.