MDU olimlari kiborg-kalamush yaratdi
10 ноябрь

MDU olimlari kiborg-kalamush yaratdi

Rossiyaning Neiry biotexnologiya laboratoriyasi MDU olimlari bilan hamkorlikda dunyoda birinchi bor kalamush miyasini sun’iy intellektga (SI) ulab, noyob tajriba o‘tkazdi. “Pifiya” deb nomlangan bu loyiha hayvon miyasi funksiyalarini zamonaviy texnologiyalar bilan integratsiyalash imkoniyatlarini ko‘rsatib, neyrofanlar sohasida muhim yutuqqa aylandi.

Tajriba uchun olimlar kalamush miyasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘rnatilgan invaziv neyrointerfeysdan foydalandilar. Ushbu interfeys elektrodlari miyaning ma’lum qismlarini rag‘batlantirib, hayvonga tana sezgilari orqali savollarga javob berish imkonini beradi. Kalamush SI-dan signal olganida, uni tanasining turli qismlaridagi jismoniy sezgi sifatida qabul qiladi. Bu unga “ha” yoki “yo‘q” deb javob berishni tushunishga yordam beradi. To‘g‘ri javob uchun kalamush mukofotlanadi.

Tajriba shuni ko‘rsatdiki, SI-ga ulangan kalamush fizika, tarix, matematika va neyrofiziologiya bo‘yicha savollarga javob bera oladi. Masalan, Pifiya kvazarlar, miyelin qobiqlari va hatto Albert Eynshteynning tug‘ilgan sanasi haqidagi savollarga to‘g‘ri javob berdi.

MDU va Neiry olimlari ishlab chiqayotgan “IIntuitsiya” loyihasi inson miyasini neyrointerfeyslar orqali internetdagi ma’lumotlar bilan bog‘laydigan texnologiyalar yaratishni nazarda tutadi. Kelajakda odamlarga ma’lumotni intuitiv tarzda tushunish va idrok etish imkonini beradigan mahsulot ishlab chiqish rejalashtirilmoqda. Bu ularning turli sohalardagi samaradorligini sezilarli darajada oshiradi.

MDU Invaziv neyrointerfeyslarni ishlab chiqish laboratoriyasi rahbari Vasiliy Popkovning tushuntirishicha, tajriba elektrodlar va elektronika sifatini tekshirish, shuningdek, sun’iy va tabiiy intellektning o‘zaro ta’sir imkoniyatlarini namoyish etishga qaratilgan. MDU professori Mixail Lebedev qo‘shimcha qilishicha, kelajakda sun’iy intellekt va inson miyasi simbiozda ishlaydi, turli vazifalarni yechishda bir-biriga yordam beradi.

Bogdan Burikin, atayin “Karavan-Info” uchun