
Xitoylik olimlar DNKga ma’lumot yozishni o‘rgandilar
Xitoylik olimlar DNKni axborot tashuvchi sifatida qo‘llagan holda ma’lumotlarni saqlashning innovatsion usulini ishlab chiqdilar. Bu usul zichlik, chidamlilik va energiya sarfi bo‘yicha mavjud kremniy asosidagi saqlash texnologiyalarini ortda qoldirishi mumkin. An’anaviy ma’lumotlarni yozish usulidan farqli o‘laroq, bu yangi usul qimmat va uzoq vaqt talab etadigan DNK sintezini talab qilmaydi, balki allaqachon mavjud bo‘lgan nuklein kislotalardan foydalanib ma’lumotlarni yozish imkonini beradi.
Ishlanmaning mohiyati DNKning ma’lum qismlariga kimyoviy belgilar (CH3) qo‘shadigan tabiiy DNMT1 fermentidan foydalanishdan iborat. Bu belgilar "bir‘ni, ularning yo‘qligi esa "nol"ni anglatadi. Bunday yondashuv turli ma’lumotlarni, jumladan, matn va tasvirlarni samarali kodlash imkonini beradi. Bitta yozuv jarayonida 350 tagacha bitni qayd etish mumkin, bu an’anaviy DNK sintezi usullariga qaraganda 324 baravar tezroqdir.
Bu usul o‘z samaradorligini amalda isbotladi. Olimlar 275 000 bit ma’lumotni, shu jumladan pandaning rangli tasviri va yo‘lbarsning qadimiy rasmini yozishga muvaffaq bo‘ldilar. Shuni ta’kidlash joizki, usul shu qadar oddiy bo‘lib chiqdiki, maxsus tayyorgarliksiz 60 nafar talaba o‘z ma’lumotlarini 97,5% aniqlik bilan yozishga erishdi. Qolgan xatolarni esa maxsus ishlab chiqilgan algoritmlar yordamida osongina tuzatish mumkin.
Bu usul nafaqat ma’lumotlarni saqlash imkoniyatini yaxshilaydi, balki axborotni saqlash va qayta ishlash funksiyalarini bajarishga qodir bo‘lgan yanada murakkab biomolekulyar tizimlarni yaratish uchun asos bo‘lishi mumkin.