O‘zbekiston oliy ta’lim vaziri Umon elchisi bilan uchrashdi
O‘zbekiston oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov Umon Sultonligining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Al-Sayida Vafo Jabr Al-Busaidiy bilan uchrashdi. Suhbat davomida oliy ta’lim va ilmiy tadqiqotlar sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash istiqbollari muhokama etildi.
Umon Sulton Qobus universiteti va O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish taklif qilindi. Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida arab tili o‘qituvchilarining malakasini oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Umon elchisi O‘zbekiston bilan hamkorlikni kengaytirish, jumladan, ta’lim dasturlarini ishlab chiqish hamda neft qazib olish va qayta ishlash texnologiyalari sohasida tajriba almashishga qiziqish bildirdi. Shuningdek, O‘zbekistonning hozirgi iqtisodiy ustuvorliklariga mos keladigan suv tozalash sohasidagi hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Ikki mamlakat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida mutaxassislar almashinuvini yo‘lga qo‘yish taklif etildi. O‘zbekistonlik o‘qituvchilar Umon universitetlari va ilmiy markazlarida faoliyat yuritishi, Umonlik mutaxassislar esa ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun O‘zbekistonga tashrif buyurishi mumkin bo‘ladi.
Uchrashuv yakunida hamkorlikning qo‘shma dasturini, jumladan, arab tilini o‘qitish sohasidagi tashabbuslarni ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.