
"O‘zatom" va "Rosatom" O‘zbekistonda atom energetikasi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash markazini tashkil etadi
15-may kuni "O‘zatom" va "Rosatom" vakillari O‘zbekiston yadro-energetika dasturi, jumladan, davlat rahbarining shaxsiy nazorati ostidagi atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha ulkan loyiha uchun malakali kadrlar tayyorlash masalalariga bag‘ishlangan rasmiy uchrashuv o‘tkazdi. "O‘zatom" direktori Azim Axmedxadjayev va "Rosatom" bosh direktori o‘rinbosari Tatyana Terenteva ushbu sohadagi hamkorlikning asosiy jihatlarini muhokama qilib, belgilangan barcha rejalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun yuqori malakali kadrlar salohiyatini shakllantirish zarurligini e’tirof etdilar.
Uchrashuvning asosiy voqeasi "Rosatom," "O‘zatom" va MIFI Milliy tadqiqot yadro universiteti (MIFI MTYaU) o‘rtasida MIFI MTYaU Toshkent filiali negizida "Ilg‘or muhandislik maktabi"ni tashkil etish to‘g‘risida uch tomonlama bitim imzolanishi bo‘ldi. Ushbu maktab O‘zbekiston atom energetikasini rivojlantirishda yetakchi rol o‘ynaydigan mutaxassislarni tayyorlash uchun asosiy platformaga aylanishi kutilmoqda. Shuningdek, "MIFI" MTYaU Toshkent filialining 2025-2026-yillarga mo‘ljallangan ta’lim va ilmiy faoliyatning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab beruvchi rivojlanish strategiyasi taqdim etildi.
Tomonlar ta’limning barcha bosqichlarini - maktab partasidan tortib kasbiy qayta tayyorlashgacha qamrab oladigan kadrlar tayyorlashning barqaror tizimini yaratish muhimligini ta’kidladilar. Ta’lim dasturlarini tashkil etish, "Rosatom" obyektlarida amaliyot o‘tash imkoniyatini yaratish, kadrlarni tayyorlash va boshqarish jarayonlariga raqamli texnologiyalarni joriy etish masalalari muhokama qilindi.
"O‘zatom" direktori Azim Axmedxadjayev O‘zbekistonda birinchi atom elektr stansiyasini qurish loyihasini muvaffaqiyatli amalga oshirishda "Rosatom" bilan hamkorlik muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Uchrashuv va imzolangan bitim Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida atom energetikasi sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashda muhim qadam bo‘ldi, sohani birgalikda rivojlantirish va yuqori malakali kadrlar tayyorlash uchun yangi istiqbollarni ochdi.