MWC Barcelona - 2025: O‘zbekistonning Huawei bilan yangi raqamli tashabbuslari
7 март

MWC Barcelona - 2025: O‘zbekistonning Huawei bilan yangi raqamli tashabbuslari

Ispaniyada 3-6 mart kunlari bo‘lib o‘tgan MWC Barcelona — 2025 xalqaro anjumanida O‘zbekiston raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Huawei kompaniyasining Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo bo‘yicha prezidenti Filipp Gan bilan muhim uchrashuv o‘tkazdi. Muzokaralar davomida mamlakatni raqamli transformatsiya qilish sohasidagi kelajak hamkorlikka oid muhim memorandumlar imzolandi.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Huawei bir qator yirik loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirdi. Ulardan biri masofaviy xizmatlar markazining ishga tushirilishi bo‘lib, bu 2024-yilda IT-xizmatlar eksporti hajmining 10 million AQSH dollaridan oshishiga olib keldi. Markaz dunyoning 20 dan ortiq davlatiga xizmat ko‘rsatib, 300 ta yangi ish o‘rnini yaratdi.

Uchrashuvda raqamli kadrlarni tayyorlashga alohida e’tibor qaratildi. Huawei yosh mutaxassislarni yetishtirish uchun mo‘ljallangan “Kelajak urug‘lari” va “AKT akademiyasi” ta’lim dasturlarini faol qo‘llab-quvvatlamoqda. 2024-yilda O‘zbekistonda “Kelajak urug‘lari” dasturining o‘n yilligi nishonlandi, mamlakat jamoasi esa “Tech4Good” xalqaro tanlovining final bosqichida kumush medalga sazovor bo‘ldi. Bundan tashqari, 12 nafar talaba Shenchjen va Shanxayda raqamli sayohatda qatnashdi, ikki jamoa esa Saudiya Arabistonida o‘tkazilgan mintaqaviy AKT tanlovida O‘zbekiston nomidan ishtirok etdi.

Hamkorlik doirasida Huawei ilg‘or texnologiyalarni joriy etishni davom ettirmoqda. 2024-yilda sinov tariqasida 5.5G tarmog‘i ishga tushirildi, bu mamlakat raqamli infratuzilmasini rivojlantirishda muhim qadam bo‘ldi. Shuningdek, kompaniya Raqamli iqtisodiyot tadqiqotlari markazi va Xitoy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari akademiyasi (CAICT) bilan hamkorlikda “O‘zbekiston raqamli iqtisodiyotining 2030-yilgacha bo‘lgan sharhi va istiqbollari” tahliliy hisobotini tayyorladi.

“Maqsadimiz — ilg‘or texnologiyalar O‘zbekiston raqamli iqtisodiyotini rivojlantirishning asosiy harakatlantiruvchi kuchiga aylanadigan ekotizimni yaratishdan iborat,” — dedi Sherzod Shermatov.