O‘zbekistonda 600 ta yangi texnikum ochiladi
Shavkat Mirziyoyev kasb-hunar ta’limi tizimini rivojlantirish va milliy malaka tizimini isloh qilish bo‘yicha takliflar bilan tanishdi.
Hozirda kasb-hunar ta’limi tizimi uch turdagi muassasani o‘z ichiga oladi: kasb-hunar maktablari, texnikumlar va kollejlar. Ularni yagona tarmoq asosida birlashtirish va 600 ta yangi texnikum tashkil etish taklif etilmoqda. Optimallashtirishning natijasida bo‘shab qolgan binolarni maktablarga aylantirib, yangi o‘quvchi o‘rinlari yaratish imkoniyati tug‘iladi.
Bundan tashqari, hozirda kollejlar turli vazirlik va idoralar tasarrufida bo‘lgani sababli, ularni yagona boshqarish qiyin kechmoqda. Endi kasb-hunar ta’limi tizimini boshqarish Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga yuklanadi. Texnikumlarga ko‘proq akademik erkinlik berilib, o‘qish muddatlari kasbning murakkabligi va o‘quvchilarning tayyorgarlik darajasiga qarab moslashuvchan bo‘ladi.
Texnikumlarda ta’lim sifatini oshirish maqsadida xalqaro dasturlarni joriy etish rejalashtirilmoqda. Tajriba sifatida 14 ta texnikumda Britaniyaning “BTEC” dasturi joriy etilib, uning bitiruvchilari dunyoning 70 ta davlatida tan olinadigan diplomlarga ega bo‘lishadi.
Shuningdek, xalqaro tajribani hisobga olgan holda kasb standartlarini qayta ko‘rib chiqadigan Milliy malaka tizimini rivojlantirish instituti tashkil etiladi. Kasblar klassifikatorini yangilab, 100 ga yaqin yangi mutaxassisliklar qo‘shish va dolzarbligini yo‘qotganlarini chiqarib tashlash ko‘zda tutilmoqda.
Prezident, yoshlarni zamonaviy mehnat bozori talablariga tayyorlash uchun texnikumlarni zamonaviy uskunalar bilan jihozlash, malakali kadrlar tayyorlash va amaliy mashg‘ulotlar ulushini ko‘paytirish muhimligini alohida ta’kidladi.
Bogdan Burikin, atayin “Karavan-Info” uchun