Rossiya va O‘zbekiston ta’lim sohasidagi hamkorlikni mustahkamlamoqda
3-dekabr kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti huzuridagi Rossiya xalq xo‘jaligi va davlat xizmati akademiyasi (RANXiGS) rektori Aleksey Komissarov Toshkentga tashrif buyurib, O‘zbekistonning ta’lim va davlat tuzilmalari vakillari bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi.
Tashrif doirasida RANXiGS va O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Shuningdek, akademiya negizida O‘zbekiston davlat organlarining 150 nafar vakili uchun malaka oshirish dasturini amalga oshirish masalasi muhokama etildi. Dastur 2025-yilga mo‘ljallangan bo‘lib, “O‘zbekiston — 2030” strategiyasiga muvofiq kadrlar zaxirasini tayyorlashga qaratilgan.
Bundan tashqari, Komissarov O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy biznes va tadbirkorlik maktabi jamoasi bilan uchrashdi. Muzokaralar yakunida “Korporativ boshqaruv va biznesni strategik rivojlantirish” magistratura va MBA dasturini ishga tushirish to‘g‘risida kelishuv imzolandi. “Davlat-xususiy sheriklik” yo‘nalishida bakalavriat ta’limini ochish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda, shuningdek, Ulug‘ Vatan urushidagi G‘alabaning 80 yilligiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazish rejalashtirilmoqda.
Yakuniy bosqichda O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori Adham Bekmurodov va Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi direktori o‘rinbosari Saidfarrux Islomov bilan muzokaralar olib borildi. Tomonlar kadrlar tayyorlash sohasida ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan ta’lim dasturlari, ilmiy qo‘llanmalar va tadbirlarni ishlab chiqishga o‘zaro qiziqish bildirdilar.
Ushbu tashrif davlat va biznes tuzilmalari uchun mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha dolzarb vazifalarni birgalikda hal etishga qaratilgan ta’lim sohasidagi Rossiya-O‘zbekiston sherikligini rivojlantirish yo‘lidagi navbatdagi qadam bo‘ldi.