
O‘zbekistonda xalqaro darajadagi yangi muhandislik oliy o‘quv yurti tashkil etiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga davlat tashrifi doirasida Samarqand viloyati delegatsiyasi Nitssa shahrida muzokaralar olib bordi. Natijada Samarqandda Fransiya oliy muhandislik maktabini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Samarqand xalqaro texnologiyalar universiteti rektori Yusuf Abdullayev bu masalani Xalqaro frankofoniya tashkiloti direktori Yann Librati bilan muhokama qildi. Maktab Fransiyaning yetakchi muhandislik oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikda tashkil etiladi.
Institut maqomini oladigan yangi o‘quv muassasasini sentyabr oyida ochish rejalashtirilmoqda. Ta’lim quyidagi yo‘nalishlarda olib boriladi: konchilik; geologiya; neft va gaz ishi; kimyoviy muhandislik.
Yusuf Abdullayev ta’kidlashicha, Fransiya oliy muhandislik maktabi O‘zbekistonda sifatli texnologik ta’lim tizimini rivojlantirishga va sanoat uchun malakali muhandislar tayyorlashga hissa qo‘shadi.