
O‘zbek olimlari jahon tillariga tarjima qilinishi mo‘ljallangan darslik yaratdi
O‘zbekiston Milliy universiteti akademigi Bakridin Zaripov va biologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, fiziolog Gulsara Ahmedova tayyorlagan "Odam va hayvonlar fiziologiyasi" darsligi Abu-Dabidagi 34-Xalqaro kitob ko‘rgazma-yarmarkasi ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi. Ko‘rgazma ishtirokchilari ushbu darslikni ingliz, arab va boshqa tillarga tarjima qilib nashr etishni taklif qildilar.
Fiziologiya ko‘pincha hayot haqidagi fan deb ataladi, chunki bu fundamental fan tibbiyot va veterinariyaning asosi hisoblanib, organizmning hayotiy jarayonlarini, uni tashkil etuvchi fiziologik tizimlarni, shuningdek, tashqi muhit omillarining hayotiy jarayonlarga ta’sirini o‘rganadi. Sodda qilib aytganda, fiziologiya ong, tafakkur, bilish va o‘rganish, insoniyat taraqqiyoti jarayonida — ontogenez va filogenezda salomatlikni saqlashning asosiy mexanizmlarini o‘rgatadi. Aynan shu sababli jahondagi eng nufuzli mukofotlardan biri — Nobel mukofoti aynan fiziologiya va tibbiyot sohasidagi kashfiyotlar uchun berilishi bu fanning farovon hayot va insoniyatning baxtli kelajagi uchun g‘oyat muhim ahamiyatga ega ekanligini tasdiqlaydi.
Biroq, fiziologiyani o‘qitishda o‘zbek tilidagi ilmiy adabiyotlar va darsliklarning yetishmasligi oliy o‘quv yurtlari o‘qituvchilari va talabalari uchun qiyinchilik tug‘dirgan edi. Shu ma’noda, inson va hayvonlar fiziologiyasi bo‘yicha fundamental bilimlarni yetkazish maqsadida "Odam va hayvonlar fiziologiyasi" darsligining nashr etilishi juda o‘rinli bo‘ldi. Bu universitetlarning biologiya, tibbiyot, veterinariya va qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlarida tahsil olayotgan professor-o‘qituvchilar va talabalar uchun ajoyib tuhfa bo‘ldi, deyish mumkin.
"Xalq so‘zi" xabar berishicha, "Zamin-nashr" nashriyotida chop etilgan mazkur qo‘llanma 16 bob va 645 sahifadan iborat. Unda fiziologiyaning klassik va zamonaviy yutuqlari haqidagi eng so‘nggi ma’lumotlar keltirilgan. Fiziologiyaning asosiy bo‘limlari batafsil yoritilgan, fiziologik va funksional tizimlarning o‘ziga xos xususiyatlari qiyosiy jihatdan ko‘rsatilgan.
— So‘nggi paytlarda fiziologiya jahon ilmiy markazlarida eng tez rivojlanayotgan fanlardan biriga aylandi, - deydi darslik muallifi, akademik Bakriddin Zaripov. — Xususan, molekulyar fiziologiyaning paydo bo‘lishi ko‘plab kashfiyotlarga katta turtki berdi. Bugungi kunda ular nafaqat biologiyada, balki tibbiyot, pedagogika, psixologiya, sud-tibbiy ekspertiza, arxeologiya kabi muhim sohalarda ham keng qo‘llanilmoqda. Darslikni tuzishda fiziologiya sohasidagi bunday zamonaviy tadqiqotlar, xalqaro ilmiy adabiyotlar va o‘quv-uslubiy tavsiyalarni inobatga oldik. Kitobda fiziologik jarayonlarning molekulyar, hujayraviy, to‘qima va tizim asoslari batafsil yoritilgan.
Ta’kidlash joizki, darslikka kiritilgan har bir mavzuda organizmdagi turli tizimlarning funksional mexanizmlari, ularning moslashuv imkoniyatlari, fiziologik jarayonlarning ilmiy tadqiqotlar bilan tasdiqlangan ma’lumotlari keltirilgan. Shu bois u kelajakda ilmiy-tadqiqot ishlari bilan shug‘ullanishni rejalashtirgan yoshlar uchun ham nazariy asos bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.