Toshkentda dasturlash bo‘yicha Yandex kubogi finali bo‘lib o‘tdi
6 декабрь

Toshkentda dasturlash bo‘yicha Yandex kubogi finali bo‘lib o‘tdi

Toshkentdagi CAEX ko‘rgazmalar majmuasida O‘zbekistonda ilk bor o‘tkazilayotgan dasturlash bo‘yicha Yandex kubogi xalqaro chempionatining yakuniy bosqichi nihoyasiga yetdi. Musobaqada 90 ta davlatdan kelib tushgan 20 mingdan ortiq ariza orasidan saralab olingan 18 ta mamlakatdan 200 nafar dasturchi ishtirok etdi.

O‘zbekiston raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov chempionat ochilishida so‘zga chiqib, Yandex kubogi yosh mutaxassislarga tajriba almashish va xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun noyob imkoniyat yaratishini ta’kidladi.

Tanlov O‘zbekistonning axborot texnologiyalari sohasidagi salohiyatini namoyish etish uchun muhim maydonga aylandi. Final ishtirokchilari mashinali o‘rganish, algoritmik dasturlash va tahlil qilish kabi oltita yo‘nalishda bellashdilar.

Chempionatning umumiy sovrin jamg‘armasi 1,95 milliard so‘mni tashkil etdi. Yakuniy topshiriqlar o‘zining yuqori murakkabligi bilan ajralib turdi, bu esa eng qiyin vazifalar ustida ishlashga tayyor bo‘lgan eng yaxshi mutaxassislarni aniqlash imkonini berdi.

Bogdan Burikin, atayin “Karavan-Info” uchun