
Teplyakovlar Moskva davlat universitetiga qarshi navbatdagi da’vo arizasi berdi
Teplyakovlar oilasi yana MGUdan pul talab qilmoqda. 2021-yilda o‘sha paytda 9 yoshda bo‘lgan Alisa Teplyakova mamlakatdagi eng yosh talaba bo‘ldi. Moskva davlat universitetining psixologiya fakultetida o‘qiy boshlaganidan beri uning ota-onasi universitet bilan janjallashib, sudlashmoqda.
Alisa pullik bo‘limga qabul qilindi, chunki uning YEGE ballari byudjetga tushishga etarli emas edi. Bir yil o‘qish 391 ming rublni tashkil etdi. Teplyakovlar pul to‘lashdi, lekin Alisa o‘qiy olmadi: u faqat sentyabrda darslarga qatnashib, birinchi sessiyani o‘tkazib yubordi. Fakultetdagilarning aytishicha, u o‘qishni eplay olmayapti. Alisaning otasi uning uddalay olishiga ishonadi, fakultetda esa uning jig‘iga tegishadi. U uch yildan beri buni isbotlashga va universitetni jazolashga urinmoqda.
2022-yilning yozida Moskvaning Zyuzina tuman sudida Teplyakovlarning Moskva davlat universitetiga qarshi da’vosi ko‘rib chiqildi. Ular ta’lim uchun pulni qaytarishni, Alisani bepul o‘qitishni va ma’naviy zararni qoplashni talab qilishdi. Sudda ular mag‘lub bo‘lishdi, ammo kurashni davom ettirib, Oliy sudga qadar yetib borishdi.
Shikoyat e’tiborni janjaldan chalg‘itish uchun qulay vaqtda berilgan: oila boshlig‘i Yevgeniy Teplyakov keksa qo‘shnisini kaltaklashda gumon qilinmoqda. Voqea 3 sentyabr kuni Teplyakovlar olti xonali kvartirani ijaraga olayotgan uy yaqinidagi bolalar maydonchasida sodir bo‘lgan.
Yana bir janjal ularning uy-joyi bilan bog‘liq. Yevgeniy bilan Natalya uzoq vaqt bolalari bilan bir xonali kvartirada yashashlarini va uyma-uy yurishlarini gapirib berishdi. Yaqinda ma’lum bo‘lishicha, ular besh yildan beri oyiga 90 ming rubl evaziga keng kvartirani ijaraga olishgan. Bu kvartiraning egasi ularni ko‘chirishga uringanida ma’lum bo‘ldi. Oila ko‘chib o‘tishdan bosh tortib, sudga bergan. Dastlabki majlis 18 noyabrga belgilangan. Hali mulkdordan qarshi da’vo arizasi berilmagan.