O‘zbekistonlik mutaxassislar gidrogeologik modellashtirish bo‘yicha seminarda ishtirok etishdi
Fransiyaning Geologiya xizmati (BRGM) tomonidan Olmaota shahrida global gidrogeologik modellashtirish uchun GARDENIA dasturiy ta’minotidan foydalanishga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.
Seminar ishtirokchilari orasida O‘zbekiston kon-geologiya vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligining Suv muammolari instituti hamda Ekologiya vazirligining Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot instituti vakillari bor edi.
Seminar davomida nazariy va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Ishtirokchilar dasturiy ta’minotning tuzilishi, ish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlar turlari va undan foydalanib olish mumkin bo‘lgan natijalarni o‘rgandilar. Amaliy qismda Toshkent viloyatida to‘plangan ma’lumotlarni modellashtirish hamda 5, 10, 20 va 30 yillik davrlar uchun o‘zgarishlarni bashorat qilish ishlari amalga oshirildi.
GARDENIAni O‘zbekiston sharoitida qo‘llash imkoniyatlariga, xususan, suv resurslarini monitoring qilish va bashoratlash usullarini takomillashtirish uchun foydalanishga alohida e’tibor qaratildi. Ushbu seminar xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va gidrogeologiya sohasida ilg‘or texnologiyalarni joriy etishda muhim qadam bo‘ldi.