
Uzum va School 21 IT sohasini rivojlantirish uchun kuchlarini birlashtirdi
Uzum milliy ekotizimi va School 21 raqamli texnologiyalar maktabi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Memorandumning maqsadi O‘zbekistonda IT sohasini rivojlantirish va talab yuqori bo‘lgan mutaxassislarni tayyorlash imkoniyatlarini yaratishdan iborat.
School 21 O‘zbekiston va qo‘shni mamlakatlar aholisiga IT-fanlarni bepul o‘rgatadi. Dastur ishtirokchilari C, C++, Java, Python, Kotlin kabi mashhur dasturlash tillarini o‘zlashtiradilar, shuningdek, DevOps vositalari, mobil ilovalar yaratish va boshqa istiqbolli yo‘nalishlarda ishlash ko‘nikmalarini egallaydilar.
Uzum va School 21 hamkorligi doirasida IT-ta’limni ommalashtirish bo‘yicha tadbirlar o‘tkazish, talabalar uchun amaliyot dasturlarini tashkil etish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Bu hamkorlik yosh mutaxassislarning kasbiy rivojlanishiga ko‘maklashadi va mamlakatni raqamli transformatsiya qilish uchun malakali kadrlar tayyorlashga hissa qo‘shadi.
“Biz yosh mutaxassislarning kasbiy o‘sishi uchun qulay sharoit yaratishga intilamiz. Ushbu hamkorlik talabalarga haqiqiy ish tajribasini orttirish va millionlab o‘zbekistonliklar uchun raqamli xizmatlarni yaratishda ishtirok etish imkoniyatini berib, ularni rag‘batlantiradi,” — dedi Uzumning operatsion direktori Roman Lavrentev.
School 21 bosh direktori Zarina Luxmanovaning aytishicha, Uzum bilan hamkorlik talabalarga mamlakatning yetakchi kompaniyalaridan birida ishlash imkoniyatini yaratadi. U ushbu hamkorlik maktab ishtirokchilari uchun foydali bo‘lishiga va Uzum ekotizimining rivojlanishiga yordam berishiga ishonch bildirdi.
School 21 tashabbusi O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi ko‘magida amalga oshirilmoqda va mamlakatda hamda xorijda IT-mutaxassislariga bo‘lgan o‘sib borayotgan talabni qondirishga qaratilgan.