
Fransiya va O‘zbekiston yosh olimlari xalqaro ta’lim konferensiyasida ishtirok etdilar
Parijda o‘tkazilgan “O‘zbekiston — Fransiya ta’lim ko‘prigi” xalqaro konferensiyasi yosh olimlar uchun tarmoqlashish maydoniga aylandi. Ikki mamlakat tadqiqotchilari o‘rtasida ilmiy hamkorlikni kengaytirish va tajriba almashishga qaratilgan “Science NEXT” tadbiri alohida e’tibor tortdi. Forumni “Il-de-Frans” ijodiy uyi direktori Franchesko Torin ochib berdi. Ishtirokchilar safida O‘zbekiston Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Yoshlar akademiyasi vakillari, olimlar, startapchilar, shuningdek, Fransiya va O‘zbekiston ta’lim muassasalarining yetakchi mutaxassislari bor edi.
Yoshlar akademiyasi rahbari Akbarxon Sobirxonov O‘zbekistonda yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash uchun yaratilgan tashabbuslar haqida ma’lumot berdi. Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti vakili tadqiqotchilar uchun amaliy yo‘nalishlar to‘g‘risida so‘zladi, fransuz startapchilari esa innovatsiyalarni joriy etish tajribasi bilan o‘rtoqlashdilar. Ayniqsa, “3 slayd — 3 daqiqa” taqdimot dasturi katta qiziqish uyg‘otdi, unda yosh olimlar o‘z g‘oyalarini qisqa va jonli tarzda taqdim etdilar.
Tadbir yakunida ilmiy aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha aniq qadamlar kelishib olindi. O‘zbekistonda fransuz olimlarining seminarlari o‘tkazilishi rejalashtirildi, olti nafar yosh tadqiqotchi Yoshlar akademiyasiga a’zo bo‘ldi. Shuningdek, “Techno Camp” yozgi ilmiy oromgohini tashkil etish, bilim almashish va amaliy hamkorlik uchun o‘n nafar fransiyalik olimni O‘zbekistonga taklif etishga qaror qilindi.