Toshkentda stomatologlarning VII Xalqaro kongressi o‘tkazildi
Toshkent davlat stomatologiya instituti tomonidan tashkil etilgan VII Xalqaro stomatologlar kongressi Toshkentda bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekistondan, shuningdek Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya, Rossiya, Turkiya, Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘izistondan 300 dan ortiq mutaxassis ishtirok etdi.
Ochilish marosimida so‘zga chiqqan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Shahrux Daliyev institutda olib borilayotgan islohotlar natijasida erishilgan yutuqlarni ta’kidladi. U kongress tajriba almashish uchun muhim maydon bo‘lishiga va stomatologiyani rivojlantirish istiqbollarini belgilashga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
Kongressda stomatologiya sohasidagi eng so‘nggi ishlanmalar va tadqiqotlar namoyish etildi. Mutaxassislar yuz va jag‘ nuqsonlari bo‘lgan bemorlarni kompleks reabilitatsiya qilish, protezlashning zamonaviy usullari, bolalarda kariyes davolash, shuningdek sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish masalalarini muhokama qildilar.
Ma’ruzachilar orasida Buyuk Britaniyadan professor Vijay Kumar, Turkiyadan doktor Ibrohim Shevki Bayrakdar va Ayxan Akso, Janubiy Koreyadan Seonil Kim hamda Rossiyadan Yevgeniya Durnova kabi xalqaro olimlar va mutaxassislar bor edi.
Kongress yakunida bir necha xorijlik olimga “Faxriy professor” unvoni berildi, eng yaxshi ma’ruza va mahorat darslari esa qimmatbaho sovg‘a va sertifikatlar bilan taqdirlandi.