O‘zbekistonda o‘yin sanoatining ilk akademiyasi ochildi
Toshkentda GameDevHQ Academy — Markaziy Osiyoda o‘yin ishlab chiqaruvchilarni tayyorlaydigan birinchi ixtisoslashtirilgan akademiyaning rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekistonda o‘yin sanoati shiddat bilan rivojlanmoqda. Mamlakatda 20 dan ortiq o‘yin studiyalari ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ularning daromadlarining asosiy qismi xorijiy bozorlardan keladi. O‘z navbatida, akademiyaning tashkil etilishi O‘zbekistonda o‘yin sanoatiga bo‘lgan qiziqishning tobora ortib borishi va professional ta’limga bo‘lgan ehtiyoj bilan bog‘liq.
Tadbir doirasida sohaning taniqli mutaxassislaridan mahorat darslari va taqdimotlar o‘tkazildi. GameDevHQ asoschisi Jonatan Vaynberger ta’lim loyihalarini yaratish tajribasi bilan o‘rtoqlashdi, East Games kompaniyasi direktori Akmal Solihov esa xorijiy studiyalar bilan hamkorlik istiqbollari haqida so‘zlab berdi. “Game Ponds” bosh direktori Vusal Kerimli mintaqada o‘yin sanoatini rivojlantirish imkoniyatlari haqida ma’lumot berdi, Roy Blekstoun esa besh million dollardan ortiq sarmoya jalb qilgan startap loyihasi haqida gapirdi.
Ishtirokchilar akademiya dasturlari bilan tanishib, o‘yin ishlab chiqishdagi global tendensiyalar haqida ma’lumot oldilar. 2025-yil fevral oyidan boshlab GameDevHQ Academy dastlabki talabalarni o‘qitishni boshlaydi.