
O‘zbekistonda O‘zbekiston-Fransiya universiteti tashkil etiladi
O‘zbekiston va Fransiya yangi oliy ta’lim muassasasi — O‘zbekiston-Fransiya universitetini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Tegishli bitimni O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘iratboy Sharipov hamda Fransiya oliy ta’lim va tadqiqotlar vaziri Filip Batist imzoladi.
Imzolash marosimida Fransiyaning nufuzli universitetlari — Puatye, Gavr-Normandiya, Lion 2 va Renn rahbarlari ishtirok etdi. Ular hamkorlik istiqbollarini ta’kidlab, yangi universitet xalqaro standartlarga mos keladigan muhim ta’lim markaziga aylanishini alohida qayd etdilar.
Talabalar Fransiya oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan o‘quv dasturlari asosida ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu ularga zamonaviy bilimlarni o‘zlashtirish va Yevropa namunasidagi diplomni qo‘lga kiritish imkonini beradi. Universitet ta’lim faoliyati bilan bir qatorda ilmiy tadqiqotlar, startaplar va texnologik loyihalar uchun maydon vazifasini ham bajaradi.