O‘zbekistonda raqamli ta’limni rivojlantirish rejalashtirilmoqda
Raqamli texnologiyalar vazirining o‘rinbosari Rustam Karimjonov Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) direktori Shin Myon Sop bilan raqamli ta’lim sohasida hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.
Uchrashuv davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Qashqadaryo viloyatlarida raqamli ta’limni rivojlantirishga qaratilgan yangi grant loyihasini yaratish masalasi ko‘rib chiqildi. Loyihada “Al-Xorazmiy” dasturining davomchisi bo‘lgan tashabbusni kengaytirish va raqamli ta’lim markazlarini zarur uskunalar bilan ta’minlash rejalashtirilmoqda.
KOICA mutaxassislari va Raqamli texnologiyalar vazirligi vakillari Qoraqalpog‘iston, Qashqadaryo va Xorazm viloyatlarida raqamli ta’limning hozirgi holati va rivojlanish istiqbollarini tahlil qildilar. Tahlil natijasida loyiha Nukus, Urganch va Qarshi tumanlarida amalga oshirilishi ma’lum qilindi. Loyiha doirasida mahalliy yoshlar o‘rtasida dasturlash, robototexnika, kompyuter savodxonligi va ingliz tili bo‘yicha ko‘nikmalarni rivojlantirishga qaratilgan ishlarga e’tibor qaratiladi.
2026–2032 yillar davomida amalga oshiriladigan loyiha zamonaviy uskunalar xarid qilish va raqamli ta’lim markazlarida o‘quv kurslarini tashkil etishni ko‘zda tutadi. Ushbu tashabbus iste’dodli mutaxassislarni tayyorlash va mamlakat hududlarida raqamli innovatsiyalarni joriy etish uchun sharoit yaratishga qaratilgan.