Toshkent kimyo-texnologiya instituti talabalari Ozarbayjon vinochilik korxonalarida amaliyot o‘tkazadi
7 февраль

Toshkent kimyo-texnologiya instituti talabalari Ozarbayjon vinochilik korxonalarida amaliyot o‘tkazadi

Toshkent kimyo-texnologiya instituti (TKTI), “O‘zbekiston shampani” AJ hamda Ozarbayjonning “Tovuz-Baltiya” kompaniyasi kadrlar tayyorlash sohasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzoladi. Tadbirda TKTI rektori Botir Usmonov, “O‘zbekiston shampani” AJ direktori Ilhom Abbosov, shuningdek, Ozarbayjonning “Caspian Capital Group” kompaniyasi vakillari — ta’sischisi Elxan Pashayev va direktori Ruslan Imanzade ishtirok etdilar.

Hujjatda TKTI talabalari, doktorantlari va o‘qituvchilarining “Caspian Capital Group” ishlab chiqarish maydonchalarida uzoq muddatli ta’lim olishi va amaliyot o‘tkazishi ko‘zda tutilgan. Ta’lim “Alkogolli va alkogolsiz ichimliklar texnologiyasi”, “Vinochilik”, “Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi”, “Biotexnologiya” va “Parhezshunoslik” yo‘nalishlarini qamrab oladi.

Shu bilan bir vaqtda, O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi bilan hamkorlikda vinochilik va uzumchilik mahsulotlari uchun yangi standartlarni joriy etish ustida ish olib borilmoqda. “Caspian Capital Group” va “Tovuz-Baltiya” kompaniyalari Samarqandda Xovrenko nomidagi Vino akademiyasini ochishni rejalashtirmoqda. Bu akademiya vinochilar uchun ta’lim va malaka oshirish markaziga aylanadi. Shuningdek, uzumning yangi navlarini yaratish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar o‘tkaziladi.

Bundan tashqari, TKTI vinochilik texnologiyasi kafedrasining 4-kurs talabalari allaqachon Xovrenko nomidagi Samarqand vino zavodida diplomoldi amaliyotini o‘tamoqdalar.