Misrda o‘zbek tilini o'rganishni boshlovchilar uchun darslik nashr etildi
29 апрель

Misrda o‘zbek tilini o'rganishni boshlovchilar uchun darslik nashr etildi

O‘zbekistonning Misrdagi elchixonasi o‘zbek tilini noldan o‘rganmoqchi bo‘lganlar uchun maxsus ishlab chiqilgan ingliz tilidagi "Uzbek Language: Complete Self-Study Guide in 22 Lessons" o‘quv qo‘llanmasini chop etdi.

Darslik xorijiy tillarni o‘qitish tajribasi va O‘zbekistonning yetakchi tilshunoslik oliy o‘quv yurtlarining tavsiyalarini hisobga olgan holda tayyorlangan bo‘lib, o‘rganishga soddalashtirilgan yondashuvni taklif etadi. U katta mavzularni batafsil tahlil qilish o‘rniga, til o‘rganishni boshlash uchun zarur bo‘lgan eng muhim qoidalar va tuzilmalarga e’tibor qaratadi. Material bosqichma-bosqich murakkablashtirib berilgan, fe’l zamonlarini ingliz tiliga qiyoslab tushuntirishga alohida e’tibor qaratilgan.

22 ta darsning har biri qisqa mashqlar va matnlar bilan yakunlanadi, kitob oxirida esa o‘zbek shevalari haqida ma’lumot, keng tarqalgan o‘zlashma so‘zlar, tarjima bilan mashhur she’rlar va qo‘shiqlar, shuningdek, O‘zbekiston, uning tarixi va madaniyati haqida qiziqarli ma’lumotlar kabi qo‘shimcha foydali bo‘limlarni topish mumkin.

Bundan tashqari, darslikda 2500 dan ortiq eng ko‘p ishlatiladigan o‘zbekcha-inglizcha so‘zlardan iborat mini-lug‘at mavjud.

O‘zbekiston elchixonasi darslikni Misr kutubxonalari va Qohira universiteti talabalariga tarqatmoqda. Kitobni o‘zbek tili o‘qitiladigan boshqa mamlakatlar universitetlariga yuborish rejalashtirilgan.

Xalqaro auditoriya uchun darslik Amerika, Yevropa va Osiyodagi AMAZON platformalarida elektron va bosma shaklda, shuningdek, Google Books va Google Play’da ilova shaklida mavjud.

E’tiborlisi, darslik "O‘zbek tili: 22 darsda to‘liq kurs" nomi bilan rus tiliga ham tarjima qilingan va LITRES platformasida elektron shaklda mavjud. Hozirda qo‘llanmani arab tiliga tarjima qilish ustida ish olib borilmoqda.

Ushbu nashr o‘zbek tili va madaniyatiga qiziquvchilar uchun uni o‘rganishni boshlashning qulay va tizimli usulini taklif etuvchi qimmatli manba bo‘ladi.