
O‘zbekistonda nogironligi bor bolalar uchun kunduzgi parvarish xizmati joriy etiladi
2025-yil 1-martdan boshlab O‘zbekistonning bir qator hududlarida nogironligi bor bolalar uchun kunduzgi parvarish xizmati faoliyat boshlaydi. Mazkur loyiha davlat-xususiy sheriklik asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri, shuningdek, Andijon, Qashqadaryo, Samarqand, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. 1-oktyabrga qadar bu xizmat mamlakatning barcha hududlarida 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarga taqdim etiladi.
Kunduzgi parvarish xizmatidan foydalanish ota-onalar va “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari o‘rtasida tuzilgan ijtimoiy shartnoma hamda psixologik-tibbiy-pedagogik komissiya xulosasi asosida amalga oshiriladi.
Ayni sana bilan kunduzgi parvarish xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmi ham joriy etiladi. Davlat tomonidan xizmatdan foydalanilgan har bir kun uchun 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalarga bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 25 foizi, 7 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarga esa BHMning 27 foizi miqdorida subsidiya ajratiladi. Viloyat markazlari, shuningdek, Toshkent va Nukus shaharlari uchun 1,1 oshirilgan koeffitsiyent belgilangan.
Tegishli reyestrga kiritilgan kam ta’minlangan oilalar uchun qo‘shimcha to‘lovlar ko‘zda tutilgan: bunday ota-onalarga nogironligi bor har bir farzandi uchun subsidiya umumiy summasining 30 foizi miqdorida qo‘shimcha mablag‘ ajratiladi.