O‘zbek aktyori Husan Musaboyev vafot etdi
8 февраль

O‘zbek aktyori Husan Musaboyev vafot etdi

Mashhur o‘zbek aktyori va O‘zbekiston Kinoarboblari ijodiy uyushmasi a’zosi Husan Musaboyev 71 yoshida olamdan o‘tdi. Bu haqda tashkilot matbuot xizmati ma’lum qildi.

Musaboyev 1954-yil 10-iyunda Toshkentda tavallud topgan. 1976-yilda Toshkent teatr va tasviriy san’at institutini tugatib, kino va teatr aktyori ixtisosligini egallagan. Uning ijodiy faoliyati 1971-yildayoq O‘zbekiston teleradiokompaniyasida rejissyor yordamchisi sifatida boshlangan. Keyinchalik, 1976-1986-yillarda “Yosh gvardiya” teatrida, so‘ngra O‘zbek davlat satira teatrida nafaqat aktyor sifatida faoliyat yuritgan, balki truppa rahbari ham bo‘lgan.

Musaboyev 1998-2007-yillarda “O‘zbekiston” telekanalida, shuningdek, "Televizion miniatyuralar teatri"da aktyor, rejissyor yordamchisi va oliy toifali rejissyor lavozimlarida ishlagan. 2007-2016-yillarda esa Toshkent axborot texnologiyalari institutida ta’lim bergan.

Yorqin va iste’dodli aktyor o‘zbek kinematografiyasida “Ajoyib xayolparast”, “Bozor ko‘rmagan yigit”, “Anora”, “Hayot-mamot”, “Men bu men” va boshqa ko‘plab mashhur filmlarda rol ijro etib, chuqur iz qoldirdi.