
Litvaning “Girteka” kompaniyasi O‘zbekistonda logistika xabi tashkil etadi
Litvaning Girteka Group kompaniyasi O‘zbekistonda logistika markazini ochishni rejalashtirmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Girteka Group vakillari transport vazirining birinchi o‘rinbosari Mamanbay Omarov bilan uchrashuvida xab tashkil etish va hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama etildi. Loyiha doirasida Litva kompaniyasi xalqaro yuk tashish bo‘yicha mutaxassislarni, jumladan haydovchilar va menejerlarni ham tayyorlashni maqsad qilgan.
1996-yilda tashkil etilgan va Vilnyusda joylashgan Girteka Group Yevropa mamlakatlarida logistika xizmatlarini ko‘rsatishga ixtisoslashgan.
Transport-logistika markazlarini barpo etish tashabbusi mintaqada ham faol rivojlanmoqda. Xususan, Qirg‘izistonda Irkeshtam — O‘sh — O‘zbekiston yo‘nalishida kuniga 700 tagacha yuk mashinasiga xizmat ko‘rsata oladigan xab qurilishi rejalashtirilmoqda.