
O‘zbekistonda "Farovon oila sari" oyligi e’lon qilindi
O‘zbekistonda 10-maydan 10-iyunga qadar oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash va oila institutini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan "Farovon oila sari" oyligi o‘tkazilmoqda. Oylik doirasida 15-may – Xalqaro oila kuniga bag‘ishlangan bir qator tadbirlar o‘tkaziladi.
Oila va xotin-qizlar qo‘mitasida Xalqaro oila kunini nishonlashga tayyorgarlik ishlari haqida ma’lumot berildi. Muhim tadbirlardan biri "Ibratli oila" ko‘krak nishoni bilan taqdirlash marosimi bo‘ladi.
Bu yil ushbu nishon uchun 5,5 mingga yaqin oilaning hujjatlari taqdim etildi, bu o‘tgan yilga nisbatan 8,8 barobar ko‘pdir. Ishchi guruh tomonidan puxta saralangan 2000 ta oila mukofotga munosib deb topildi.
Bundan tashqari, vazirlik va idoralar tomonidan "Ibratli oila" ko‘krak nishoni bilan taqdirlanadigan yana 77 ta oila tavsiya etildi.
15 may arafasida eng yaxshi oilalarga "Ibratli oila" ko‘krak nishonlari va pul mukofotlari topshiriladi, ular istiqomat qilayotgan xonadonlarga esdalik lavhalari o‘rnatiladi.
Shuningdek, oylik doirasida "Sog‘lom oila uchun birlashaylik!" shiori ostida sport tadbirlari tashkil etilib, ularga 4 million nafar xotin-qizlarni jalb etish rejalashtirilgan.
15 may kuni respublikaning barcha tuman (shahar) markazlaridagi madaniyat va istirohat bog‘larida "Ibratli oila" ko‘krak nishoni sohiblari, ahil oilalar, yosh kelin-kuyovlar ishtirokida "Oila sayli ("OILAFEST") o‘tkaziladi.