Mirziyoyev gaz va elektr energiyasi bilan bog‘liq muammolarni hal qilish uchun ikki hafta vaqt berdi
16 июнь

Mirziyoyev gaz va elektr energiyasi bilan bog‘liq muammolarni hal qilish uchun ikki hafta vaqt berdi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev dushanba kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda hukumatning islohotlarni amalga oshirishdagi sustligi va mas’ul shaxslarning intizomni nazorat qilishdagi zaifligini keskin tanqid qildi.

Suyultirilgan gaz yetkazib berishdagi 60-70 kunlik kechikishlarga alohida e’tibor qaratildi. Prezident ta’kidlaganidek, Andijon va Surxondaryo viloyatlari aholisi shikoyatlarining 70 foizi aynan shu masala bilan bog‘liq.

"Issiq kunlarda gazda shuncha muammo bo‘lsa, qishda odamlar qozonini nimada qaynatadi? Rahbarlarga so‘nggi ogohlantirish: bu masalaga ikki haftada yechim topsin, bo‘lmasa o‘zi bilib joyini bo‘shatib qo‘ysin," - dedi davlat rahbari.

U issiq kunlar boshlanishi bilan energiya tizimiga yuklama ortishini qo‘shimcha qildi. Energiya samaradorligini oshirish uchun tashkil etilgan Milliy agentlikka Energetika vazirligi bilan birgalikda oyiga 500 kVt/soatdan ko‘p elektr energiyasi sarflaydigan oilalar ro‘yxatini tuzish topshirildi. Ularga energiya tejamkor texnologiyalarga o‘tishi uchun kredit va subsidiyalar ko‘rinishida yordam ko‘rsatiladi.

Yil oxirigacha 100 ming xonadonni yangi energiya tejamkor tizimlarga o‘tkazish rejalashtirilmoqda.

Prezident, shuningdek, ijro etilmagan sud qarorlari soni oshib borayotganini ta’kidladi. O‘tgan yili Majburiy ijro byurosiga yuborilgan har beshinchi sud qarori bajarilmay qolgan.

Mirziyoyev go‘sht, sut mahsulotlari va tuxum narxlari masalasiga alohida to‘xtalib o‘tdi. Narxlarni barqarorlashtirish maqsadida o‘tgan haftadan boshlab QQSning 50 foizini keshbek shaklida qaytarish mexanizmi joriy etilgan. Prezident to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirishni talab qilib, hududlar rahbarlarini shaxsan javobgar bo‘lishi haqida ogohlantirdi.

"Narxlar barqaror bo‘lishi shart. Buni eplay olmaganlar ishdan ketadi," - deb ta’kidladi prezident.