O‘zbekistondagi USAID vakolatxonasiga yangi direktor tayinlandi
5 январь

O‘zbekistondagi USAID vakolatxonasiga yangi direktor tayinlandi

AQShning Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) O‘zbekistondagi vakolatxonasiga Devid Xoffmanni direktor etib tayinladi. Bu haqda tashkilotning rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.

Markaziy Osiyo va Kavkazda katta tajribaga ega bo‘lgan Xoffman 4-avgust kuni Vashingtonda qasamyod qabul qildi. Marosimda USAID rahbari Samanta Pauer, O‘zbekistonning AQShdagi elchisi Furqat Sidiqov va AQShning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Xenik ishtirok etdi.

Devid Xoffman 2009-yildan beri USAIDda faoliyat yuritib, Pokiston, Qirg‘iziston, Gruziya, Armaniston va Indoneziyadagi agentlik vakolatxonalarida rahbarlik lavozimlarini egallagan. U rus va turk tillarini erkin biladi, shuningdek, o‘zbek, qozoq va gruzin tillarini tushunadi.

Xoffmanning birinchi yirik loyihasi Qirg‘izistonda bo‘lib, u yerda Roza Otunbayevaning muvaqqat hukumatiga ko‘maklashgan. Keyinchalik u direktor o‘rinbosari va tegishli ravishda Gruziya hamda Armanistondagi vakolatxonalar rahbari vazifasini bajaruvchi lavozimlarida ishlagan.

2020-yilda tashkil etilgan USAIDning O‘zbekistondagi vakolatxonasi prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Agentlikning asosiy vazifalari iqtisodiy o‘sishni jadallashtirish, demokratik institutlarni rivojlantirish va boshqaruv shaffofligini ta’minlashdan iborat.

Biz kuchli fuqarolik jamiyati va mustaqil ommaviy axborot vositalarini shakllantirish ustida ishlamoqdamiz. Ular amaldorlar faoliyatining hisobdorligini ta’minlashga va O‘zbekistonni mamlakat yoshlari orzu qilganidek qurishga yordam beradi,” — dedi Samanta Pauer.

USAID, shuningdek, suv resurslari bilan bog‘liq muammolarni hal etish va zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy qilishga e’tibor qaratmoqda. Tashkilot O‘zbekistonning savdo hamkorlarini diversifikatsiya qilish va yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlamoqda, bu esa mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.