Botir Tursunov SHHT bosh kotibining o‘rinbosari lavozimini egalladi
5 январь

Botir Tursunov SHHT bosh kotibining o‘rinbosari lavozimini egalladi

1-yanvardan boshlab O‘zbekiston vakili Botir Tursunov rasman Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) bosh kotibining o‘rinbosari lavozimini egalladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.

50 yoshli Botir Tursunov Toshkent davlat sharqshunoslik instituti (hozirgi Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti) hamda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining I.Mo‘minov nomidagi Falsafa va huquq instituti bitiruvchisidir. Falsafa fanlari nomzodi bo‘lgan Botir Tursunov 25 dan ortiq ilmiy nashrlar muallifidir.

U diplomatik faoliyatini 2005-yilda Tashqi ishlar vazirligi tizimida boshlagan. Vazirlikning markaziy apparatida ham, O‘zbekistonning Pekindagi elchixonasida ham faoliyat yuritgan. Keyinchalik O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutiga rahbarlik qilgan, shuningdek, Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

Tursunov 2023 yildan buyon O‘zbekistonning Xitoydagi elchixonasida maslahatchi-vakil bo‘lib, ayni paytda O‘zbekistonning SHHT kotibiyati huzuridagi doimiy vakili vazifasini ham bajarib kelmoqda.