
Senat Raisi Jazoirning Favqulodda va Muxtor Elchisi bilan uchrashdi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva Jazoirning O‘zbekistondagi elchisi Muhammad Irki bilan uchrashdi. Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama etildi.
Asosiy e’tibor ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy sohalardagi hamkorlikni kengaytirish hamda yangi qo‘shma tashabbuslarni ishlab chiqishga qaratildi. Tomonlar ilmiy almashinuv va ta’lim masalalariga alohida ahamiyat berdilar. Islom tarixi va madaniy merosini o‘rganish bilan bog‘liq qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish rejalari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash muhimligi ta’kidlandi. Ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasida samarali muloqot maydonini yaratish maqsadida do‘stlik guruhlari faoliyatini jonlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar muhokama qilindi.