
O‘zbekistonda dorixonalarda dori-darmon narxlarining asossiz oshirilishi holatlari aniqlandi
Yagona axborot tizimi orqali o‘tkazilgan tekshiruvda 878 ta dorixonaning, jumladan 295 tasi ulgurji va 583 tasi chakana savdo bilan shug‘ullanuvchi dorixonalarning, iste’molchilardan 7 milliard so‘mdan ortiq noqonuniy daromad olganligi ma’lum bo‘ldi.
405 ta dorixonada (162 ta ulgurji va 243 ta chakana) dori-darmon narxining oshirilishi natijasida qariyb 2 milliard so‘m mablag‘ asossiz undirilgani aniqlandi. Bu pullar xaridorlarga qaytarildi hamda ularning huquqlarini tiklash choralari ko‘rildi.
Bundan tashqari, 800 nafardan ortiq fuqaro dori-darmon narxlarining oshirilishi yuzasidan shikoyat bilan murojaat qilgan. Ushbu shikoyatlarni ko‘rib chiqish natijasida iste’molchilarga qariyb 100 million so‘m qaytarib berildi.
O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi savdo ustamalarining ulgurji savdo uchun 15 foizdan, chakana savdo uchun 20 foizdan oshmasligi kerakligini belgiladi. Ushbu talablarning buzilishi dorixona litsenziyasining bekor qilinishiga olib kelishi mumkin.