
Mudofaa vazirligi bir yillik faoliyati haqida hisobot berdi
Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi yig‘ilishida mudofaa vaziri Qurolli Kuchlarning joriy faoliyati va rivojlanishining asosiy yo‘nalishlari to‘g‘risida ma’ruza qildi.
Bu yil harbiy tadbirlar soni bir yarim barobarga oshdi. AQSH, Hindiston, Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘iziston qurolli kuchlari bilan o‘tkazilgan qo‘shma mashg‘ulotlarda zamonaviy taktik harakatlar va pilotsiz uchish apparatlari kabi yangi texnologiyalardan foydalanish o‘rganildi. Shuningdek, Ozarbayjon, Qozog‘iston va Turkmaniston harbiy xizmatchilarining O‘zbekistonda tayyorgarlikdan o‘tishi ta’minlandi.
Innovatsiyalar ma’muriy jarayonlarga ham tatbiq etildi. Axborot platformalarining integratsiyalashuvi harbiy xizmatga majburlar va chaqiriluvchilar haqida elektron ma’lumotlar bazasini yaratish imkonini berdi. Avtomatlashtirilgan hisobga olish tizimlari byurokratik to‘siqlarni bartaraf etib, fuqarolarga xizmat ko‘rsatishni sezilarli darajada osonlashtirdi.
Murojaatlar bilan ishlash muhim yo‘nalish bo‘lib qolmoqda. 11 oy davomida fuqarolar va tashkilotlardan uch mingdan ortiq murojaat kelib tushdi, ularning aksariyati ijobiy hal etildi yoki huquqiy maslahatlar bilan ta’minlandi. Mudofaa vazirligi xodimlarining sayyor qabullari 560 dan ortiq murojaatchiga yordam ko‘rsatdi.